Skip to content
Javlon's Blog
Ortga qaytish

Yoʻq deya olish san'ati

Koʻpincha biz qoʻlimizdan kelgancha odamlarga yordam berishga intilamiz. Ba’zida manfaat koʻzlab ba’zida esa shunchaki savob uchun (bu ham balki manfaatdir). Lekin yordam berish istagi va oʻz chegaralarimizni poymol qilish oʻrtasida nozik chegara bor.

Koʻchada odamlar yordam soʻrab pul soʻrasa (yoʻl haqqim qolmadi, qornim och, hokazo vajlar) avvallari darrov yordam berardim, hozir esa “yoʻq”. Sababi men bergan pulga toʻgʻri borib “shayton siydigi”ni sotib oladiganlar, sadaqani kasb qilganlar va boshqalar koʻpaygan hozir. Pul-ku topilar lekin meni aldagani gʻazabimni keltiradi. Ularning kasridan haqiqiy muhtoj insonlarga yordam berolmasligimiz achinarli.

Aslida hayotda xuddi shunday aktyorlik mahoratiga ega insonlar talaygina. Qanday ishda ishlashingizga, qanday kiyinishingizga qarab muomala qiladigan,koʻrsa ham koʻrmaganga olib ketadigan lekin ishi tushsa “xameleon” kabi oʻzgaradigan insonlar bor.

Faqatgina ishini bitirish uchun manfaat yoʻlida sizdan foydalanib, boshqa payt miyigʻida kuladigan insonlarga qimmatli vaqtimizni sarflash arziydimi?

Vaqtimiz, sharoitimiz, imkonimiz boʻlmasa ham “yoʻq” deyolmaymiz va bu koʻp hollarda oʻz zararimizga ishlaydi.

Har bir “ha” deganingiz, oʻzingizning qaysidir rejangizga “yoʻq” deganingizdir.

Odamdan yaxshilik, xotira qoladi. Lekin shu qisqa tajribalarim davomida shularni angladimki:

Ilmni - izlaganga berish, yaxshilikni qadrlaganga qilish kerak ekan.

Obuna Bo'ling

Yangi maqolalar va qisqa qaydlarni telegram kanalimda kuzatib boring.


Ulashish:

Oldingi post
SI
Keyingi post
Takrorlanmas kombinatsiyalar