Yuksaklik sari uch qadam
Nazarimda, har bir inson oʻzini uch jihatdan rivojlantirib borishi lozim:
-
Jismoniy
-
Dunyoviy
-
Ruhiy
Lekin bugungi kunda nafaqat yoshlar, balki kattalar orasida ham mana shu muvozanatning buzilayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Buning asosiy sabablaridan biri — ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok va Instagramdagi “soxta hayot” hamda tartibsiz kontentlar girdobidir.
Toʻgʻri, Instagram biznesni reklama qilishda foydali vosita boʻlishi mumkin. Biroq bugun tarmoqda oʻz ishining ustalaridan koʻra, ‘yaltiroq’ hayotini koʻz-koʻz qiladiganlar koʻproqdek. Buni kuzatayotgan foydalanuvchida esa beixtiyor: “Nega unda bor-u, menda yoʻq?” degan hasad va tushkunlik paydo boʻladi. Bu esa vaqt oʻtishi bilan insonni oʻz hayotidan norozi boʻlib yashashga mahkum qiladi.
Tarbiya
Ilgari hayo va ibo qishloqlarimizning buzilmas qoʻrgʻoni edi. Bugun esa internetning salbiy toʻlqini eng chekka hududlarni ham chetlab oʻtmadi. Eng achinarlisi, ayrim ota-onalar “rizq topaman” deb farzandlar tarbiyasini ikkinchi darajaga tushirib qoʻyishdi. Uyda yosh bolalar qoʻliga smartfon berib, oʻz ishi bilan ovora boʻladigan ota-onalar koʻpaydi. Natijada farzandlar erka, tantiq, asabiy va doim e’tibor talab boʻlib ulgʻaymoqda.
Aslida ularni yoshligidan haddan tashqari avaylamasdan, pishirib, mustaqil fikrlaydigan va oʻz prinsiplariga ega shaxs qilib tarbiyalashimiz kerak emasmi?
Koʻpincha farzand boʻydoqlik yoki balogʻat davrida ‘oʻzgarib qoldi’ deymiz, aslida u rostdan ham yoshligida olgan tarbiyasini koʻrsatib, oyna boʻladi, xolos.
Nolish
Bugun ijtimoiy tarmoq algoritmlari bizga oʻzgalarning yasama baxtini koʻrsatib, shukr qilishni unuttirib qoʻymoqda. Koʻplab yoshlar “baxt” tushunchasini Instagramdagi reels videolarini koʻrib shakllantirmoqda. Natijada, turmush qurgachach, hayotdagi real vaziyatlar videolardagi “yaltiroq” sahnalarga oʻxshamasligi ularni tushkunlikka tushiradi va nolishga sabab boʻladi.
Aslida baxtga tayyor holda erishiladimi yoki u birgalikda yaratiladimi?
Hayotning past-balandini birga bosib oʻtishni, qiyinchiliklarni mardonavor yengib, baxtni gʻishtma-gʻisht birga qurishni istamaydiganlar koʻpaymoqda. Hamma narsa muhayyo boʻlsa-yu, faqat “yashab berish” qolsa, buning nimasi qiziq? Bu juda zerikarli emasmi? Vaholanki, hayotning har bir jarayonidan zavq olish mumkin!
Xulosa oʻrnida…
Biz qachon yuksalamiz? Qachonki, ijtimoiy tarmoq bizni emas, biz uni boshqarsak.Ijtimoiy tarmoqlar bizning zararimizga emas foydamizga ishlatsak.