Qiyinchilik
Yosh bola muammoga yoki qiyinchilikka duch kelsa, ota-onasidan yordam so’rab, ularga muammosini aytadi.
Biz “kattalar” ham odatda qandaydir muammo yoki yechimi yo’q masalaga duch kelsak, ko’pchiligimiz xuddi yosh bolalardek ish tutamiz. Faqat bu yerda ota-ona o’rnini yaqin do’st yoki turmush o’rtoq egallab qolgandek go’yo.
Erkak kishining yaratilish fitrati — himoyachi, qalqon bo’lish emasmi? Barcha zarbalarni o’ziga qabul qilib, ortidagilarni (oilasi, ayoli, farzandlarini) beziyon saqlash emasmi?
Do’st yoki yaqin sirdosh
Dushmaningga aytma — xursand bo’ladi, do’stingga aytma — kuyunadi.
Haqiqiy do’st ham bir kun kelib hayotdagi eng katta dushmaningizga aylanishi mumkin. Shuning uchun yaqinlarga dardimizni, muammolarimizni aytishda ehtiyot bo’lishimiz kerak. Keyinchalik bizning zaifligimiz o’zimizga qarshi qurol bo’lishini unutmasligimiz lozim.
Spirtli ichimlik
Ichkilikka ruju qo’ygan yoki mastlikka berilgan kishi — mening nazarimda irodasi va o’ziga ishonchi eng past insondir. Unday insonlar muammosini, qaygʻusini spirtli ichimlik ichib unutishni xohlaydi (mening fikrimcha). Buning ta’sirida esa oilasining, yaqin atrofidagilarning halovatini buzadi. Ayolini, farzandlarini yoki yaqinlarini uradi, so’kinib dilini ogʻritadi, ichida yigʻilgan, lekin aytilishi kerak bo’lmagan gaplarni aytib yuboradi.
Dilozorlikni hech qaysi qalb unutmaydi, faqat aytmaydigani bo’ladi.
Asl najot
Aslida haqiqiy sirdoshimiz Yaratgan emasmi? Tafakkur qilishimiz va najotni insondan emas, Yaratgandan so’rashimiz kerak emasmi?
Insondan olingan yordam vaqti kelib minnatga, aytilgan sir esa ta’naga aylanishi mumkin.
Ba’zida haqiqatdan ham yomonga o’lim yo’qligiga, yaxshi insonni shu dard-u-azoblar yemirib borgani uchun ko’p yashamasmikan deb o’ylab qolaman.
Haqiqiy erkak — dengizga o’xshaydi. Usti tinch, oilasi uchun sokinlik bagʻishlaydi, lekin ichkarida, qa’rida nimalar (to’fonlar, vulqonlar) bo’layotganini faqat o’zi va Yaratgan biladi.
Jonimdin o‘zga yori vafodor topmadim, Ko‘nglumdin o‘zga mahrami asror topmadim.
"Z.M.Bobur"
Ma'nosi
Yori vafodor — sadoqatli do‘st, vafoli yor.
Mahrami asror — sirlardan xabardor, eng yaqin sirdosh.