Suhbatdoshni tinglash madaniyati

Alloh insonga ikkita quloq va bitta til bergan, bu koʻproq tinglab, kamroq gapirishga ishoradir.
Barchamiz ishda, oʻqishda, oilada yoki dam olishda boshqa insonlar bilan muloqot qilamiz, fikr almashamiz, maslahat beramiz yoki olamiz.
Suhbat foydali yoki foydasiz boʻlishidan qat’i nazar, har bir inson suhbat davomida oʻz suhbatdoshini tinglashi — unga boʻlgan hurmat belgisi deb bilaman.
Lekin hamma ham tinglay olmaydi yoki bu xususiyat unda shakllanmagan boʻladi (eng yomoni, shakllanishini istamaydiganlar ham yetarlicha). Ayniqsa, gapingizni tugatmasdan turib qizishib ketadigan, tortishadigan, faqat va faqat oʻz fikrini ma’qullaydiganlar ham bor.
Insonmiz, hammamizda ham ba’zida hissiyotlar ustun kelib, suhbatdoshimizni oxirigacha eshitishga sabrimiz yetmay qoladi. Lekin biz tinglashni oʻrganishimiz lozim hattoki nima demoqchi ekanini oldindan bilgan taqdirimizda ham suhbatdoshimizni gapini boʻlmasligimiz kerak. Chunki ba’zi hollarda oʻzimiz bilmagan qandaydir qoʻshimcha ma’lumot eshitishimiz yoki qaysidir vaziyatga boshqa inson tomonidan bildirilgan oʻzgacha rakursdagi fikrni bilish mumkin.
Vaqtimiz cheklangan, shuning uchun tinglashni bilmaydiganlar bilan suhbatni qisqa qilish — bu oʻzimizga boʻlgan hurmat belgisidir.
Xalqimizda ajoyib naql bor-ku (ikki ogʻiz soʻzda bir olam ma’no):
Oldiga qoʻyganni yemak — hayvonning ishi, ogʻziga kelganni demak — nodonning ishi.