Qutidan qutigacha
E’tibor berganmisiz, atrofimizdagi koʻp narsalar toʻrtburchak shaklida:
- Yashab turgan uyimiz (asosi)
- Avtomobillarimiz
- Ish joyimiz
- Doʻkonlar va xizmat koʻrsatish joylari
- Qoʻlimizdagi gadjetlar…
Biz xuddi bir qutidan chiqib, ikkinchi qutiga shoshilayotgandekmiz.
Qamoqdagi insonlar ham bizdan koʻra erkinroqmikan?
Miya eng koʻp energiya iste’mol qilishini bilasizmi?
Miyamiz tana vaznimizning bor-yoʻgʻi 2 foizini tashkil qilsa-da, organizmdagi umumiy energiyaning qariyb 20 foizini aynan shu a’zo iste’mol qiladi.
Jismoniy va aqliy mehnat — har ikkisi ham yuklamaga yarasha energiya talab qiladi. Ammo farqi katta. Jismoniy mehnatdan maksimal toliqib (quvvati tugagan gadjet kabi) dam olib yoki uxlaganingizda, muskullar ishlashdan toʻxtaydi va boʻshashadi. Aqliy mehnatda esa hammasi boshqacha:
Abituriyentlik paytlarim matematika va fizika fanlaridan birorta misol-masalaning yechimi chiqmasa, misol-masala ishlash uyquda ham davom etar edi.
Dasturlashni oʻrganishda ham xuddi shu holat qaytarildi. Biror algoritmik yoki hayotiy muammoga yechim topa olmasam, kun boʻyi miya shu bilan band boʻlgani yetmagandek, uyquda ham yechim qidirardi. Ertalab xuddi umuman uxlamagandek, charchab uygʻongan vaqtlarim koʻp boʻlgan.
Eng katta xato esa — masala ustida tinimsiz qaysarona oʻtiraverish. Ba’zi narsalar borki, ularni tushunish uchun vaqt kerak.
Ertalab turganingizda yoki mutlaqo boshqa vaziyatda yechim miyaga birdan kelgan vaziyatlar boʻlganmi?
Ish vaqti ishdan chiqish bilan tugamaydi
Koʻpchiligimiz erta tongda uydan ishga, kechki payt esa ishdan uyga shoshilamiz. Lekin yechimi topilmagan muammolar yoki bir muhitdagi kayfiyat bir qutichadan ikkinchisiga siz bilan sayohat qilmasligi lozim.
Miyani keyingi rejimga (uy, oila, dam olishga) oʻtkazish uchun biroz vaqt va chalgʻish — “fayllarni yopish” jarayoni kerak.
Qutidan qutiga shoshilib biz koʻpincha tugallanmagan jarayonlarni tashiymiz.
Yurish faqat ozish uchun emas
Koʻchada piyoda yurish, tabiat qoʻynida nafas rostlash aynan shu chalgʻish va tozalanish uchun eng yaxshi vositadir.
Yurak ishemik kasalliklarining koʻp qismini yurish bilan bartaraf qilish mumkin. Bosh omon boʻlsa doʻppi topiladi deganlaridek, inson hayotidagi eng muhim narsa - bu sogʻlik.
Bilasizmi, kasallikka chalinganimizdagina har bir e’tibor ham bermaydigan tana a’zolarimiz qanchalik muhim funksionallikka ega ekanini tushunamiz.
Uning qadriga yetish uchun esa uni yoʻqotish shart emas. Ba’zi bir yoʻqotilgan narsalarni qayta tiklab boʻlmasligini unutmasligimiz lozim.