Oyoq muskullari inson tanasidagi eng yirik mushak guruhidir. Ularni muntazam ishlatish qon aylanishini yaxshilaydi, yurakka tushadigan yukni kamaytirishga yordam beradi.

Avtomobil vs Tana
Avvallari qishloq koʻchalarda avtomobillar kam boʻlgan, kechasi deyarli yurmagan. Hozirgi kunda ertalab avtomobil koʻpligidan koʻchaning nargi tarafiga oʻtish uchun ham koʻp vaqt ketadi.
Yaratgan bizga tekin avtomobillar (oyoqlarimiz) ni taqdim etgan boʻlsa ham ularni qadrlamaymiz.
E’tibor berganmisiz odamlar oʻzidan ham koʻproq avtomobillarini qadrlaydi:
| Avtomobilga e’tibor | Tanamizga e’tibor |
|---|---|
| Har kuni ishga ketishdan oldin uni qizdiramiz | oʻz tanamizni esa hatto qisqa masofaga yugurishdan oldin ham qizdirib (chigalyozdi qilib) olmaymiz |
| Motor moyini oʻz vaqtida almashtiramiz | Lekin kam harakat qilish oqibatida yurak-qon tomir kasalliklari bilan yuzlashganimizdan keyingina sogʻligʻimiz haqida oʻylaymiz. |
| Fasllarga moslab shinalarni (balonlarni) almashtiramiz | Lekin togʻri ovqatlanmaymiz |
| Turli xil baxtsiz hodisalardan himoyalash uchun sugʻurta qilamiz | Lekin oʻz sogʻligʻimizni sugʻurta qilish haqida oʻylab ham koʻrmaymiz |
| Muayyan masofani bosib oʻtgach, texnik koʻrikdan oʻtkazamiz | Lekin shunchaki yilda bir marta oʻzimizni tekshirtirmaymiz |
| Benzin yoki gaz quyish uchun soatlab navbatda turamiz, moykalarda erinmasdan yaltillaguncha yuvamiz | Lekin har kuni 1-2 soat oʻzimiz uchun vaqt ajratishga erinamiz |
| Buzilsa, ustaga olib borib falon pulga tuzatib kelamiz | Lekin oʻzimiz kasal boʻlsak befarqmiz |
| Jarimaga tushsak, qulogʻimizni qimirlatmasdan (chegirma bilan boʻlsa ham) toʻlaymiz | Lekin sogʻlom oziq-ovqatlanishga kelganda pulimizni koʻzimiz qiymaydi |
| Tiq etsa ustaga olib borish, antifriz yana bir nimalar | … |
Bir uyum jilov berilgan temir boʻlagi hozirgi kunda koʻpchilik uchun hayot missiyasiga aylangan. Soʻrasang bitta uyga bitta kerakda, har-xil vaziyatlar boʻladi deyishadi.
Togʻri, boʻlsa hamma haydaydi, lekin kredit olib boʻlsa ham odamlarga koʻrsatib qoʻyish uchun halovat, sogʻlik, vaqtdan kechib mukkasidan ketish kerak emas demoqchiman.
Tanangiz sizga umr boʻyi xizmat qiladi. Unga avtomobildan ham koʻproq e’tibor bering.
Yugurish - bu narkotik

Tibbiyotda uzoq masofaga yugurishda paydo boʻladigan eyforiya holati “Runner’s high” deb ataladi. Olimlarning aniqlashicha, qiyinchilikdan soʻng miyada gashish va marixuana tarkibidagi moddalarga oʻxshash tabiiy endokannabinoidlar ajralib chiqadi. Ya’ni yugurish — tanamiz oʻzi ishlab chiqaradigan mutlaqo tabiiy va foydali “narkotik”dir.
oʻylab qarasam, maktab davridan beri deyarli 10–12 yildan buyon hayotimning turli davrlarida yugurib kelarkanman. Faqat muntazam emas
Nima uchun yugurish kerak
Yugurish uchun sabablar yetarlicha boʻlishi mumkin:
- ozish
- qarshi jins vakillariga yoqish
- sogʻlik
- chidamlilik
Lekin mendagi holatda asl sabab: qiyinchiliklarni mardonovr bosib oʻtish hissi, tana cheksiz qiyinchiliklardan soʻng rohatlanishi. Oʻzingiz bilan oʻzingiz kurashish hissi. Yugurish organizmda kortizol miqdorini me’yorlashtirishga yordam beradi va sizni ezayotgan muammolar aslida muammochalar ekanini anglaysiz. Har bir kilometrdan keyin miyamizning muammolarga boʻlgan qarashi oʻzgaradi.
Har kuni atigi 20–30 daqiqa yoki kun oralatib yugurish sizni professional sportchi yoki millionerga aylantirmasligi mumkin. Ammo u sizga sogʻlomroq tana, tiniqroq fikr va bardamroq ruh beradi.